Sportga qadam qoʻygan har bir yosh yigit-qizning bir orzusi bor: u ham boʻlsa chempion boʻlish, jahon arenalarida vatanimiz bayrogʻini yuksaklarga koʻtarish.
Azizbek orzusiga yetishish uchun tinmay harakat qilmoqda. Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligining 1-sonli Toshkent akademik litseyning 2-bosqichda tahsil olayotgan Azizbek Bahodirov 2–6-oktabr kunlari Toshkent shahrida sportning muay-tay turi boʻyicha «Oʻzbekiston kubogi» uchun kurashilgan musobaqada 67 kg vazn toifasida faxrli 2-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Azizbek Bahodirov 2007-yilning 14-may kuni Toshkent shahrida tugʻilgan. U yoshligidan muay-tay sport toʻgaragiga muntazam qatnashib kelmoqda. Osiyo chempioni.
Azizbek ayni damda litseyda qunt bilan bilim olish bilan birga tajribali murabbiylari koʻmagida sportda, oʻqishida oliy oʻquv yurtiga kirish uchun tinmay harakat qilmoqda.
Uning orzulari bisyor. Kelajakda jahon chempionatida oltin medalga ega boʻlish, shuningdek, IIV Akademiyasida oʻqishni davom ettirish.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, litsey oʻquvchilari orasida yosh iqtidorli sportchilar safi yil sayin kengayib bormoqda. Tomirida buyuk ajdodlar qoni joʻsh urayotgan Azizbek kabi sportga ixlosmand dovyurak yoshlarimizning bundanda yuksak marralarni egallashiga, albatta, ishonamiz.
Madina QAHHOROVA,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
