Buxoro shahridagi olimpiya zaxiralari sport kollejida sportning barcha turi boʻyicha har yili oʻnlab Oʻzbekiston, Osiyo hamda jahon chempionlari yetishib chiqyapti. Ularning aksariyati ayni paytda yurt tinchligi, xalq farovonligini taʼminlash maqsadida osoyishtalik posboni boʻlib xizmat qilib kelishmoqda. Viloyat IIB TVBSO 1-ishgʻol qilish guruhi katta mutaxassis oʻqchisi, kichik serjant Ubaydullo Moʻminov shulardan biridir.
U.Moʻminov uch yildirki, shu lavozimda xizmat qiladi. U kollejda oʻqigan va murabbiylik qilgan paytlari sambo boʻyicha besh marta respublika chempioni, jahon kubogida uchinchi oʻrin gʻolibi hamda bir necha turnirlar sovrindori boʻlib, sport ustasi unvonini oldi. Shuningdek, ichki ishlar organlaridagi faoliyati davomida IIV kubogi musobaqalarida faol qatnashib, har yili faxrli oʻrinlarni egallab kelmoqda. Oʻtgan yili Qirgʻiziston Respublikasining Issiqkoʻl shahrida oʻtkazilgan sambo boʻyicha jahon kubogida bronza medalni qoʻlga kiritdi. Kuni kecha Toshkent shahrida kattalar oʻrtasida oʻtkazilgan sambo boʻyicha Oʻzbekiston chempionatida 71 kg vazn toifasida birinchi oʻrinni egalladi.
Lavha qahramoni gʻoliblik bilan birgalikda, 2024-yil iyul oyida Xitoyda boʻlib oʻtadigan Osiyo chempionatida qatnashish uchun yoʻllanmani ham qoʻlga kiritdi. Ishonamizki, u Vatanimiz bayrogʻini yana bir karra baland koʻtaradi. Biz unga “Boʻsh kelma, Ubaydullo! Gʻalaba hamisha yor boʻlsin” deb qolamiz.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
