Kasb fidoyisi
Buxoro zaminidan juda koʻp mashhur polvonlar, sportchilar chiqqan va ularning izdoshlari tobora koʻpaymoqda. Viloyat IIB TVBSO guruh komandiri, leytenant Jahongir Jumayev shulardan biridir.
2010 yil Jahongir Navoiy shahrida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan respublika birinchiligida mutlaq gʻolib boʻlib, ilk oltin medalini qoʻlga kiritdi va Oʻzbekiston chempioni nomiga musharraf boʻldi. Shu-shu har yili respublika birinchiliklarida qatnashib, oltin medallar shodasini oshiraverdi. Uning chempion boʻlishida murabbiylari Jamshid Murodov hamda Temur Gʻiyosovlarning xizmatlari katta.
– Bolalikda ikki narsani orzu qilgan edim. Biri Oʻzbekiston bayrogʻini koʻklarga koʻtarish boʻlsa, ikkinchisi yurtimizning tinchligini, osoyishtaligi taʼminlab, Vatan posboni boʻlish edi. Shu maqsadda 2012 yili viloyat ichki ishlar boshqarmasiga hujjatlarimni topshirdim va imtihonlardan muvaffaqiyatli oʻtib, ikkinchi niyatimga ham erishdim, – deydi lavhamiz qahramoni gʻururlanib.
Jahongir bir necha karra jahon chempioni, 2018 yil Moskva shahrida oʻtkazilgan sportning “qoʻl jangi” turi boʻyicha WTKS kamari sohibi boʻldi. U “qoʻl jangi”, “aralash jang yakka kurashi” hamda “jangovar sambo” boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi terma jaomasi tarkibiga kiritilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligining “Sport ustasi” va “Xalqaro toifadagi sport ustasi” darajalariga ega boʻlgan. Qolaversa, hukumatimiz hamda Iivning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Iivning “Aʼlo xizmatlari uchun” koʻkrak nishoni va ikki marotaba qimmatbaho qoʻl soatini oldi, “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Yaqinda, aniqrogʻi, 18 may kuni Birlashgan Arab Amirligining Abu-Dabi shahrida oʻtkazilgan aralash jang sanʼati turkumiga kiruvchi “UAE WARRIORS 50” xalqaro musobaqasida sobiq UFC jangchisi portugaliyalik Andre Fialionini 1-raunddayoq nokaut qilib, mutlaq gʻalabani qoʻlga kiritdi.
Mirzoqul AHADOV,
oʻz muxbirimiz.
Buxoro viloyati.
