Kuni kecha yurtimizning 16 ta shahrida bir vaqtning oʻzida “Yangi nafas” ommaviy yugurish marafoni oʻtkazildi. Jumladan, Buxoro shahar va Qorovulbozor tumanida ham ommaviy yugurish musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Marafonda 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan 5 ming nafarga yaqin ishtirokchilar – oliy oʻquv yurtlari talabalaridan tortib umumtaʼlim va sport maktablarining oʻquvchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollaridan to faxriylargacha uch kilometrlik masofa boʻylab, gʻoliblik va salomatlik uchun birga yugurishdi.

Yakuniy natijalarga koʻra ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda D.Bozorova birinchi, M.Haydarova ikkinchi hamda R.Roʻziyeva faxrli uchinchi oʻrinni egalladi. Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda SH.Bozorov gʻoliblikni qoʻlga kiritgan boʻlsa, M.Aslonov ikkinchi, A.Rajabov uchinchi oʻringa ega chiqdi. Shuningdek, musobaqada “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasida M.Rashidov, “Eng yoshi ulugʻ ishtirokchi” yoʻnalishida esa H.Shamsiddinovlar gʻoliblikni qoʻlga kiritishdi. Gʻolib va sovrindorlarga mutasaddilar tomonidan medal, diplom va pul mukofotlari topshirildi.

J.SHUKURLAYEV,

kapitan.

Buxoro viloyati.