Yaqinda Samarqand viloyatida triatlon boʻyicha “Challenge Samarkand” xalqaro musobaqasi hamda Oʻzbekiston chempionati boʻlib oʻtdi.
Mazkur sport bayramida dunyoning 35 ta davlatidan kelgan professional va havaskor sportchilar bilan birgalikda, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillaridan iborat jami 2 ming 500 nafarga yaqin sportchilar ham ishtirok etishdi.
Qizgʻin tarzda oʻtgan musobaqa yakunlariga koʻra, umumjamoa hisobida Mudofaa vazirligining 1-jamoasi shohsupaning yuqori pogʻonasini zabt etgan boʻlsa, Ichki ishlar vazirligi sportchilari 2-oʻrinni qoʻlga kiritishdi. Mudofaa vazirligining 2-jamoasiga esa, 3-oʻrin nasib etdi.
Shuningdek, 35 yoshdan yuqori boʻlgan sportchilar oʻrtasida oʻtkazilgan yakkalik bahslarida vazirligimiz sharafini munosib himoya qilgan IIV Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi katta instruktor-oʻqituvchisi, podpolkovnik Asxat Muslikin faxrli 2-oʻringa loyiq topildi.
Shu munosabat bilan biz ham vakillarimizni ana shunday gʻalaba bilan samimiy qutlab, kelgusida bundan-da, yuqori pogʻonalarni zabt etishini tilab qolamiz!
Ozod NASIMOV,
podpolkovnik.
