Aeroportlar mamlakat darvozasiga qiyoslanadi. Bir kunda bu yerdan minglab yoʻlovchilar uchib, yana koʻplab yoʻlovchilar uchib keladi. Yurtimizga tashrif buyurayotgan mehmonlar, sayyohlar ham aksariyat hollarda aeroportlar orqali respublikamizga kirib keladi. Shu maʼnoda aeroportlarda xizmat qilayotgan, xususan uning xavfsizligiga masʼul boʻlgan xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari xodimlarining har bir xatti-harakati doimo yon-atrofdagilar diqqat markazida boʻladi. Shuning uchun vazirlik rahbariyati, qoʻshin qoʻmondonligining shaxsiy tarkib bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvlarida, muloqotlarda bu jihatga alohida urgʻu berilib, aeroport ishchi-xodimlari, yoʻlovchilar bilan yaxshi muomalada boʻlish, xizmatni sidqidildan oʻtash yuzasidan tushuntirishlar berilmoqda.

Yaqinda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – Transport va turizm obʼektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti boshligʻi, general-mayor Bahodir Mirzarahimov IIV Xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlash qoʻshinlari va Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha alohida bataloni shaxsiy tarkiblari bilan uchrashib, bunga yana bir bor eʼtibor qaratdi. Vazir oʻrinbosari asosan 2021 yil yangi muddatli harbiy xizmatga qabul qilingan askarlar bilan muloqot qilib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirdi.

Shuningdek, yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish, ichki ishlar organlarining bu boradagi faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Qolaversa, yurtimiz ostonasi boʻlmish xalqaro aeroportlarda xavfsizlikni taʼminlashdek sharafli va masʼuliyatli burchni vijdonan bajarish uchun har bir askar, qoʻshin shaxsiy tarkibi jangovar shaylikni doimo oshirib borishi, oʻz xizmat majburiyatlariga sidqidildan yondashishi lozimligi aytib oʻtildi.

Foziljon Mamasharipov,

«Postda» muxbiri.