Ichki ishlar organlari tizimida uzoq yillar mobaynida samarali xizmat qilib, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda munosib hissa qoʻshgan fidoyi insonlarning porloq xotirasi hamisha abadiydir.
Shu munosabat bilan, Xorazm viloyati IIB sport markazida Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Ichki ishlar vaziri, general-mayor Yoʻldosh Bobojonov tavalludining 115 yilligiga bagʻishlab sportning qoʻl janggi turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi.
Unda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor D. Nazarmuxamedov soʻzga chiqib, Y. Bobojonovning hayot yoʻli hamda mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish, fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash borasidagi fidokorona xizmatlariga batafsil toʻxtalib oʻtdi.
Uch kun davom etgan mazkur bellashuvlarda sakson nafardan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari ishtirok etib, sakkiz vazn toifasida oʻzaro bahs olib borishdi. Hakamlar hayʼati har bir sportchining harakatlarini diqqat bilan kuzatib, xolisona tarzda baholab bordi.
Shunday qilib, murosasiz kechgan bellashuvlar yakuniga koʻra, umumjamoa hisobida Urganch shahri boʻyicha IIOFMB terma jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi. Jazoni ijro etish departamentiga qarashli 11-sonli tergov hibsxonasi terma jamoasi ikkinchi, Xiva shahar IIB terma jamoasi esa shohsupaning uchinchi pogʻonasidan munosib joy olishdi.
Gʻolib va sovrindorlar viloyat IIB tomonidan medalʼ, diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi. Shuningdek, tadbirda ishtirok etgan Yoʻldosh Bobojonovning yaqinlariga ham hurmat yuzasidan toʻn kiydirilib, sovgʻalar topshirildi.
Xotira turniri soʻnggida mehmonlar va soha faxriylari viloyat IIBning “Mehnat va jangovor shuhrat” muzeyiga tashrif buyurib, general-mayor Y. Bobojonovning xizmat davriga oid eksponatlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻlishdi.
Zokir ISMOILOV,
podpolkovnik.
