Namangan muhandislik-qurilish instituti sport zalida voleybol boʻyicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasining viloyat bosqichida 17 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil va qizlardan iborat, viloyat, shahar va tumanlarning 13 ta jamoasi gʻoliblik uchun bellashdilar.

Oʻgʻil bolalar oʻrtasida Mingbuloq tumani jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Namangan shahri voleybolchilari shohsupaning ikkinchi, Yangiqoʻrgʻon tumani jamoasi uchinchi pogʻonasini zabt etdilar.

Qizlar jamoalarida ham musobaqalar qiziqarli oʻyinlarga boy boʻldi. Viloyat sharafini respublika va xalqaro musobaqalarda munosib tarzda himoya qilib kelayotgan yangiqoʻrgʻonlik voleybolchi qizlar hal qiluvchi bahsda Uychi tumani jamoasini 2:0 hisobida yengib, Oʻzbekiston terma jamoasi tarkibiga munosib nomzodlar zaxirasini shakllantirayotganligini isbotlashdi. Uchinchi oʻrin uchun oʻtkazilgan bellashuvda Namangan tumani jamoasi gʻoliblik shohsupasidan joy olishdi.

Gʻolib jamoalar viloyat IIB rahbariyati tomonidan qimmatbaho sovgʻa va medallar bilan taqdirlandi. Viloyat bosqichida birinchi oʻrinni egallagan ikki jamoa endilikda vazir kubogi uchun kurashni vodiy viloyatlari vakillari ishtirokidagi hududiy bosqichda davom ettirishadi.

G. BUVAMIRZAYEVA,

oʻz muxbirimiz.

Namangan viloyati.