Maʼlumki, inson salomatligini mustahkamlash va jismoniy faolligini oshirishda sportning oʻrni muhim sanaladi. Ayniqsa, ichki ishlar organlari xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirishda ham ayni muddaodir.
Shu boisdan, yaqinda Fargʻona viloyati IIB huzuridagi tergov, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmalari hamda ekspert kriminalistika markazi va ushbu xizmatlarning quyi tizimlarida faoliyat olib borayotgan xodimlar oʻrtasida mini futbol boʻyicha tashkil etilgan “boshqarma boshligʻi oʻrinbosari kubogi” musobaqasi ham fikrlarimiz tasdigʻidir.
Shunday qilib, qizgʻin va murosasiz oʻtgan mazkur bahslar yakuniga koʻra, yashil maydonda oʻzining bor mahoratini namoyish etib, barcha raqiblarini dogʻda qoldirgan viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi jamoasi faxrli 1-oʻrinni qoʻlga kiritgan boʻlsa, Fargʻona va Oltiariq tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi sportchilari esa, keyingi pogʻonalarni zabt etishdi.
Shuningdek, “eng yaxshi darvozabon” va “eng yaxshi toʻpurar” nominatsiyalari gʻoliblari ham aniqlanib, boshqarma rahbariyati tomonidan pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur sport bayrami osoyishtalik posbonlari oʻrtasida doʻstlik va hamjihatlikni yanada mustahkamlash bilan bir qatorda, ularning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Abduvosit SIDIQOV,
oʻz muxbirimiz.