Vazirlik Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi hamda Birlashgan kasaba uyushma qoʻmitasi hamkorligida poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida tashkil etilgan birinchilikda 80 nafardan ortiq ishtirokchilar qatnashdi. Yetti turdan iborat musobaqa yakuniga koʻra, ayollar oʻrtasida Namangan viloyati Chust tumani IIB HPB Voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologi, leytenant Gulhayo Shokarimova shatranj malikasi ekanligini isbotladi. Finalda raqibidan biroz ortda qolgan Fargʻona viloyati Beshariq tumani IIB HPB Xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektori, mayor Laylo Hazratqulova ikkinchi, Navoiy viloyati IIB M va FRB muhim topshiriqlar boʻyicha inspektori, mayor Dildora Toʻrayeva uchinchi pogʻonani zabt etdi.
Erkaklar oʻrtasidagi bahslarda Andijon viloyati IIB JXX Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi safdor xodimi, safdor Javohirbek Mahmudov birinchi oʻrinni, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti 4-mintaqaviy hududi 3-sonli JIEK davolash-profilaktika yordam koʻrsatish boʻlimi shifokori, mayor Sherali Xudoynazarov ikkinchi, Qashqadaryo viloyati IIB Transportda xavfsizlikni taʼminlash boʻlimi safdor xodimi, safdor Oʻlmas Sanaqulov uchinchi oʻrinni egalladi.
Musobaqa gʻoliblari sovgʻalar bilan ragʻbatlantirildi. Vazirlik terma jamoasi tarkibiga qabul qilingan yuqoridagi peshqadamlar sentabr oyida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻrtasida oʻtkaziladigan spartakiadaga tayyorgarlikni boshlab yuborishdi.
Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
