Oʻzbekiston iftixori


Guljanoy NAIMOVA 2001 yilda Surxondaryo viloyatida tugʻilgan. Oʻn yildan buyon parataekvondo bilan shugʻullanadi. Parataekvondo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi. Yurtimiz tarixida ilk bor parataekvondo boʻyi­cha Paralimpiya oʻyinlariga yoʻllanmani qoʻlga kiritgan sportchi. Bir qator xalqaro musobaqalar gʻolibi, XVI Paralimpiya oʻyinlarining parataekvondo boʻyicha oltin medal hamda «Oʻzbekiston iftixori» faxriy unvoni sohibasi. 

Tahririyatimiz hovlisiga Prezident sovgʻasi degan yorliqli «Tahoe» avtomashinasini boshqarib, XVI Paralimpiya oʻyinlarining parataekvondo boʻyicha oltin medal sohibasi Guljanoy Naimova kirib keldi. Chempion bilan «Maʼnaviyat va maʼrifat» xonasi tomon odimlar ekanmiz, yoʻlakda bizga duch kelgan har bir hamkasbimizning nigohida havas va faxr balqib, iliq salomlashish asnosida kimdir «Balli, chempion» desa, kimdir «Yurtimizning oltin qizi – bu», yana kimdir «Biz siz bilan faxrlanamiz», dedi. 

Gʻoliblik hayajoni tark etib ulgurmagan istarasi issiq, samimiy, ochiqkoʻngil Guljanoy bilan suhbatimiz xuddi avvaldan qadrdonlardek tezda qovushdi. U sportga kirib kelishi, ustozlarining qimmatli oʻgitlariyu mashgʻulot mashaqqatlari, magʻlubiyat alamlari, doim gʻalabaga ishonch uygʻotuvchi mehridaryo onasi, gʻoliblik shohsupasida, Prezidentimiz bilan uchrashganida koʻnglidan kechgan his-tuygʻularni hech qanday savollarga oʻrin qoldirmay, nihoyatda chiroyli lutfda ifoda etdi.

  

QIZIM, TOʻMARISNING YURTIDANSAN!

 – Avvalo, inson u sportchi boʻladimi, sanʼatkormi, oʻqituvchimi, quruvchimi yoʻl qoʻygan xatolaridan toʻgʻri xulosa chiqarib, ularni takrorlamaslikka harakat qilishi kerak. Shunda, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. 

Tushunaman, har qanaqasiga magʻlubiyat nihoyatda ogʻir, alamli. Ayniqsa, nufuzli sport musobaqalarida. Biroq yutqizgan sportchi hammasi tugadi, deb emas, hali hammasi oldinda, deb yoʻlida davom etishi kerak. Men ham 2019 yilda jahon chempionatida braziliyalik Debora Bezerra de Menezesga oltin medalni boy berib qoʻyganman. Bu magʻlubiyat ogʻriqlari faqatgina oʻzimga ayon. Ammo men ortga chekinmadim. Faqat va faqat oldinga intildim. Murabbiyimning koʻrsatmalari va mashgʻulotlar zalida oʻtgan har daqiqadan unumli foydalanishga harakat qildim. 

Koʻpincha onamdan jarohatlarimni yashiraman. Chunki darrov «Qizim, qoʻling lat yedimi, oyogʻing koʻkaribdi», deya jonsarak boʻlib qoladilar. Oʻtib ketadi, ona, arzimagan narsa, deb qoʻya qolaman. Biroq har gal musobaqaga murabbi­yim mahorat jihatdan tayyorlasa, onamning «Ota-bobolaring kuragi yerga tegmagan pahlavonlar boʻlgan. Sen iligi toʻq, shaxti baland Toʻmaris yurtidansan. Alpomish, Barchinoy avlodisan», degan soʻzlaridan jismoniy imkoniyatlarimni yanada kengaytirguvchi kuch-quvvat olaman. 


 SPORTDA ENG BALAND CHOʻQQI – OLIMPIADA

– Tokiodagi eng soʻnggi final jangida braziliyalik Debora Bezerra de Menezesga qarshi dayanga chiqishim kerak. Meni «Sen bugun albatta gʻolib boʻlishing kerak, magʻlub boʻlishga haqqing yoʻq», degan ichki bir ovoz boshqarardi. Toʻgʻri, biroz hadik, qoʻrquv ham yoʻq emas. Bu safar bor imkoniyatlarimni ishga solib, raqibimdan ustun ekanligimni koʻrsatishim kerak. Shunday boʻldi ham. Endi natijani eʼlon qilish qoldi. Oʻsha vaqtdagi hayajonimni taʼriflab berolmayman.

Uchinchi, ikkinchi va nihoyat birinchi oʻrinni eʼlon qilishdi: Oʻzbekiston, Naimova Guljanoy! Bilasizmi, Oʻzbekiston degan chaqiriq butun vujudimga titroq soldi. Xursandchilikdan oʻzimni yoʻqotib qoʻyayozdim, ishonasizmi, koʻz yoshlarimni tiya olmasdim... 

Har bir insonning hayotda oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari, orzu-istaklari boʻladi. Sportchi koʻzlagan eng baland choʻqqi bu – olimpiada. Va unda gʻolib boʻlish. Men bu marrani zabt etgan edim.


KUCHLI IRODA, CHINAKAM SABR-MATONAT BILAN

– Sinfdosh dugonalarim bilan gimnastika toʻgaragiga qatnashganimda oʻn yoshda edim. Qarasam, ular qoʻshimcha taekvondo mashgʻulotlariga ham qatnayapti. Ularga qoʻshilib men ham sport zaliga bordim. Kuzatib turdim, mashgʻulotlar juda maroqli, ular oppoq kiyimda, xuddi oqqushlarga oʻxshardi. Ochigʻi, ularga boqib rosa havas qildim. Husan akamga ergashib, taekvondo mashgʻulotiga borishni boshladim. Akam juda mehribon, doim koʻnglimga qarab, meni avaylaydi. Ammo oʻshanda «Senga mumkinmas, seni chap qoʻling himoya qilolmaydi», deya meni bu yoʻldan qaytarishga urinish akam uchun oson kechmaganini bugun ich-ichimdan his etaman. Men esa mashgʻulotlarni kanda qilmadim.

 Keyinchalik taekvondo boʻyicha tuman va viloyat musobaqalarida ishtirok eta boshladim. Poytaxtga chaqirishdi. Hozirgi murabbiyim Bobur Qoʻziyev bilan koʻrishdik. Xalqaro meʼyorlarga koʻra, sinovdan oʻtdim. Ilk musobaqam Koreyada boʻlib oʻtgan Osiyo chempionati boʻldi. Unda faxrli ikkinchi oʻrinni olib, ustozlarim ishonchini oqladim. Va katta sportga kirib keldim. 


OTALARCHA MEHR, GʻAMXOʻRLIK UCHUN TASHAKKUR!

– Men gʻalabamning haqiqiy sururini oʻz ona Vatanim – Oʻzbekistonda, bizni tantanali kutib olish marosimiga yigʻilgan yurtdoshlarimizning yuz-koʻzidagi shod-xurramlikda ich-ichimdan tuydim. Ayniqsa, muhtaram Yurt­boshimiz bilan uchrashganda, «Sizning janglaringizni oʻzim kuzatdim. Ochigʻi, soʻng­gi jangingizni oxirigacha koʻrolmadim, yutqazib qoʻymasin degan kuchli hayajon bor edi. Xayriyat, murosasiz kurashda gʻalaba qozonib, barchamizni quvontirdingiz. Sizning gʻalabangiz bizga juda katta kuch-qudrat berdi» deya otalarcha mehr, eʼtibor va gʻamxoʻrlik bilan bildirgan fikrlaridan kelgusidagi musobaqalarda ham yuqori natijalarni qoʻlga kiritishga undovchi ishtiyoq oldim. Hali beri sportni toʻxtatish niyatim yoʻq, bu boshlanishi, albatta. 

Shunday ekan, oldinda meni katta-katta sport musobaqalari kutyapti. Mening Vatanim Oʻzbekiston, men oʻzbekman, shu zaminning bir zarrasiman! Mana shu ulugʻ tuygʻu bilan Ona yurtim bayrogʻining masrur hilpirashi, mamlakatimiz madhiyasi baland pardalarda yangrashi uchun bor imkoniyatim, mahoratimni sarf etaman!