Fargʻona viloyati IIB Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadining katta mutaxassis-oʻqchisi, safdor Lazizbek Mullajonov boks boʻyicha koʻplab xalqaro musobaqalarda zafar quchib, yurtimiz bayrogʻini baland koʻtarib kelmoqda.

Oʻtgan 2021 yilning 18-25 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida harbiylashtirilgan tuzilmalar xodimlari oʻrtasida boks boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida 91+ kg vazn toifasida 1-oʻrinni egallagan edi.

Shu kunlarda qahramonimiz Bolgariyada boʻlib oʻtayotgan xalqaro boks turnirida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib kelyapti. Sofiya shahrida oʻtkazilgan ushbu chempionatda Lazizbekdan tashqari bir qancha oʻzbekistonlik sportchilar ham muvaffaqiyatli ishtirok etib sovrindor boʻlishdi.

Kecha esa turnirning yakuniy janglari boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan Lazizbek Mullajonov final bahsida germaniyalik Nelviye Tiaffakka qarshi jang qildi va 5:0 hisobida gʻalabaga erishdi. Shuning bilan terma jamoamiz hisobida oltin medallar soni 6 taga yetdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.