Xorazm viloyati ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlari hamda shahar va tuman IIBlari xodimlari oʻrtasida sportning shaxmat-shashka turi boʻyicha musobaqalar boʻlib oʻtdi.

Murosasiz kechgan bellashuvlarda erkaklar va ayollar alohida-alohida bahs olib borishdi. Hakamlar hayʼatining yakuniy xulosasiga koʻra, erkak xodimlar oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat bellashuvida mayor Yusupboy Axmedov birinchi, kapitan Rasulbek Ismoilov ikkinchi, leytenant Maqsad Ibragimov uchinchi oʻrinlarni egalladi. Shashka boʻyicha oʻtkazilgan bahslarda kapitan Muzaffar Sapaev birinchi, leytenantlar Sarvarbek Qurbonboev hamda Mirzobek Qurbonovlar ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni zabt etishdi.

Ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan shaxmat musobaqasida katta serjant Umida Shokirova birinchi oʻringa sazovor boʻldi. Katta leytenant Shohida Oʻktamova ikkinchi hamda leytenant Kumush Ernazarova uchinchi oʻringa munosib topildi. Shashka bahsida safdor Nargiza Oʻrazboeva birinchi, leytenant Nasiba Ortiqova ikkinchi hamda kapitan Nasiba Abdullaeva uchinchi oʻrinni egalladi.

Umumjamoa hisobida Bogʻot tumani IIB jamoasi shohsupaning eng yuqori pogʻonasini egalladi. Yangiariq tumani IIB hamda Urganch shahar IIOFMB jamoalari ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi.   

Musobaqa gʻoliblari va sovrindorlari viloyat IIB rahbariyati tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi. 

Xudoybergan JABBOROV,

“Postda” muxbiri.




.