IIV Akademiyasida vazirlik akademik litseylari hamda Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyi oʻquvchilari oʻrtasida minifutbol turnirining yakuniy bosqichi oʻtkazildi. Ichki ishlar organlarida “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida oʻtkazilgan turnirda saralash bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgan oltita jamoa kuch sinashdi. 

Taqvimga koʻra, “A” guruhidan Namangan, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari, “B” guruhidan esa Qashqadaryo, Buxoro hamda Fargʻona viloyatlari vakillari joy oldi. Muxlislar toʻrt kun davomida murosasiz bahslarga boy, qiziqarli uchrashuvlar guvohi boʻlishdi. Nihoyat, turnirning hal qiluvchi final bosqichida Fargʻona hamda Namangan akademik litseylari oʻquvchilari maydonga tushdi. Teng kurashlar ostida oʻtgan oʻyin namanganlik oʻquvchi yoshlarning 4:2 hisobidagi gʻalabasi bilan yakunlandi. Uchinchi oʻrin uchun kechgan uchrashuvda Buxoro akademik litseyi oʻquvchilari navoiylik tengqurlarini penaltilar seriyasida 3:2 hisobi bilan magʻlub etishning uddasidan chiqishdi. 

Taqdirlash marosimida Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Aziz Ikramov, IIV Akademiyasi boshligʻi, polkovnik Rustam Hatamov soʻzga chiqib, muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish, yosh avlodni har tomonlama sogʻlom va barkamol voyaga yetkazish, xalqaro sport maydonlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga qodir sportchilarni tarbiyalash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni eʼtirof etishdi. Yoshlarning salomatligini mustahkamlash, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga qaratilayotgan doimiy eʼtibor oʻzining yuksak samaralarini berayotgani taʼkidlandi.

Shundan soʻng faxrli oʻrinlarni egallagan jamoalarga kubog va qimmatbaho sovgʻalar koʻtarinki kayfiyatda topshirildi. Turnirdagi munosib ishtiroki uchun Fargʻona akademik litseyi oʻquvchisi Samandar Ostonaqulov “Eng yaxshi oʻyinchi”, Buxoro akademik litseyi oʻquvchisi Ruslanbek Raupov “Eng yaxshi hujumchi”, Navoiy akademik litseyi oʻquvchisi Sanjar Alimuhammedov “Eng yaxshi himoyachi” va Namangan akademik litseyi oʻquvchisi Adham Gʻulomov “Eng yaxshi darvozabon” uchun atalgan sovrinni qoʻlga kiritdilar. 


Umid DOʻSTMURODOV, 

podpolkovnik.