Organizm sogʻlom, baquvvat boʻlishi uchun zararli odatlardan yiroq turish, oʻz vaqtida va meʼyorida uxlash, dam olish, mehnat qilish lozimligini yaxshi bilamiz. Lekin bu toʻlaqonli samara berishi uchun yana bir nechta qoidalarga amal qilish oʻrinli ekanini ham unutmaslik lozim.
Salbiy hislarni chiqarib yuboring. Deyarli har kuni ishda, transport vositasida yoki uyda asabiylashishga toʻgʻri kelib, kayfiyatimiz buziladi. Natijada koʻngilsiz his-tuygʻular tobora toʻplanib, asab tizimi faoliyatini izdan chiqara boshlaydi. Bu esa organizmning erta qarishiga sabab boʻladi. Shu sababli yomon hislarni oʻz vaqtida chiqarib yuborishni odat qilish zarur.
Maʼlumki, ayollar bunday hollarda biroz yigʻlab olib, yengil tortadi. Erkaklarda esa bunday imkoniyat yoʻq, desa ham boʻladi. Salbiy hissiyotlardan xalos boʻlishning eng yaxshi usuli – sport bilan shugʻullanish. Shu yoʻl orqali ham qahr-gʻazabni chiqarib yuborish, ham tananing sogʻlom va koʻrkam boʻlishiga erishish mumkin.
Taomni shoshmay chaynang. Ovqatni hovliqmay isteʼmol qilish salomatlikka ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Yaxshi bilamizki, aksariyat insonlarning organizmi semirishga moyil. Vaznning ortishi esa, oʻz oʻrnida, testosteron miqdorining (endokrin tizimi tomonidan ishlab chiqariladigan eng muhim gormonlardan biri) kamayishiga olib keladi. Olimlar tomonidan oʻtkazilgan tekshirishlar shuni koʻrsatadiki, qomati raso insonlar taomni chaynashga 9 soniya, toʻla kishilar esa atigi 3 soniya sarflarkan. Demak, ovqatni qanchalik sekin chaynasak, qomatimiz shunchalik xushbichim va yosh koʻrinishga ega boʻladi.
Har kuni tongda badantarbiya qilishni unutmang. Ertalabki mashqlar sizga kun boʻyi kuch-quvvat, yaxshi kayfiyat baxsh etadi. Bundan tashqari, shaxsiy avtomobilga ega boʻlsangiz ham kuniga bir soat vaqtingizni piyoda yurishga ajrating. Bu yurakning normal faoliyatini yanada uzaytiradi. Piyoda sayrga vaqtingiz yetmayotgan boʻlsa, hech boʻlmasa liftdan voz kechib, zinalardan tushib-chiqishga harakat qiling.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
