Joriy yilning 28-oktabridan 2-noyabr kuniga qadar Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasi nufuzli musobaqaga mezbonlik qildi. Ichki ishlar organlarining tarkibiy tuzulmalari va hududiy boʻlinmalari terma jamoalari oʻrtasida sportning sambo va jangovar sambo turlari boʻyicha Ichki ishlar vaziri kubogi musobaqalari yuqori saviyada oʻtkazildi.
Ushbu sport musobaqasi soha xodimlarining jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish bilan birga, ular oʻrtasida sportni ommalashtirish, doʻstlik va hamjihatlik aloqalarini yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Yakuniy natijalarga koʻra, sambo sport turi boʻyicha Jazoni ijro etish departamenti jamoasi 1-oʻrinni, Buxoro viloyati IIB jamoasi 2-oʻrinni, Navoiy hamda Surxondaryo viloyati IIB jamoalari 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Jangovar sambo boʻyicha Navoiy viloyat IIB jamoasi 1-oʻrinni, Samarqand viloyati IIB jamoasi 2-oʻrinni, Fargʻona viloyati IIB hamda Jazoni ijro etish departameni jamoalari 3-oʻrinni egalladilar.
88 kilogram vazn toifasida jangovar sambo boʻyicha ishtirok etgan Jazoni ijro etish departamenti xodimi, leytenant Sohibjon Hasanboev “Eng yaxshi texnika ustasi” deb topilgan boʻlsa, 71 kilogramm vaznda qatnashgan IIV Akademiyasi kursanti Jumadilla Sattarov “Eng yosh ishtirokchi” boʻldi.
Toshkent viloyati vakili 37 yoshli katta serjant Ziyod Hakimboev esa “Eng yoshi katta ishtirokchi” nominasiyasi boʻyicha taqdirlandi. 71 kilogram vaznda qatnashgan safdor Dilshodbek Yuldashev esa gʻalabaga boʻlgan intilishi uchun munosib ragʻbatlantirildi.
Musobaqaning tantanali taqdirlash marosimida Fargʻona viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻraev, vazirlik Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Hamza Maxsumov, Oʻzbekiston sambo assosiasiyasi raisi Alisher Alimov ishtirok etib, sportchilarni samimiy muborakbod etdi.
Gʻolib jamoa va yuqori natija koʻrsatgan sportchilarga Ichki ishlar vaziri kubogi, faxriy yorliq hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari tantanali ravishda topshirildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.