Surxondaryo viloyatida 14–17 yoshli oʻgʻil bolalar va qizlar oʻrtasida voleybol boʻyicha Ichki ishlar vaziri kubogi uchun musobaqalar oʻtkazildi. Dastlab mahallalar miqyosida boʻlib oʻtgan bahslarda gʻolib boʻlgan yoshlar tuman bosqichlarida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi.
Tuman-shahar bosqichi 3 ta mintaqaviy hududda tashkil etildi. Unga koʻra, Denov tumanidagi Jomiy mahallasi hududida joylashgan sport majmuasida Denov, Sariosiyo, Uzun, Shoʻrchi va Oltinsoy tumanlari yoshlari jam boʻldi. Musobaqada yigitlar oʻrtasida Oltinsoy tumani yoshlari, qizlar oʻrtasida esa Denov tumani yoshlari boshqa tengqurlariga nisbatan kuchli oʻyin koʻrsatib, viloyat bosqichida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
2-mintaqviy hudud oʻyinlari Termiz shahridagi 26-sonli maktabning sport majmuasida oʻtkazilib, unda Termiz shahri, Termiz, Muzrabot, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon tumanlari vakillari qatnashdi. Yakunda Muzrabot tumani yoshlari gʻolib boʻlishdi.
3-mintaqaviy hudud oʻyinlari Sherobod tumani markazida joylashgan sport majmuasida tashkillashtirildi. Ushbu musobaqada Sherobod, Boysun, Qiziriq, Bandixon, Angor tumanlari yoshlari oʻzaro kuch sinashdi va Sherobod tumani jamoalarining qoʻli baland keldi.
Mintaqaviy oʻyinlarda gʻolib boʻlgan 6 ta jamoa musobaqaning viloyat bosqichida oʻzaro kuch sinashdi. Natijada ham oʻgʻil bolalar, ham qizlar oʻrtasida Sherobod tumani jamoasi faxrli birinchi oʻrinni egalladi.
Musobaqa qatnashchilariga va faxrli oʻrinni egallagan yoshlarga pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar viloyat IIB boshligʻi, polkovnik A.Ismoilov tomonidan topshirildi. Gʻolib jamoa Qashqadaryo viloyatida boʻlib oʻtadigan musobaqaning mintaqaviy bosqichida ishtirok etadi.
Feruza RAHMONQULOVA,
“Postda” muxbiri.
Surxondaryo viloyati.
