Xabar berganimizdek, Samarqandda “Toʻmaris izdoshlari” koʻrik-tanlovining respublika bosqichi boʻlib oʻtmoqda.
Tanlov doirasidagi sport musobaqalarida jamoalar chaqqonlik va mohirliklarini namoyon etishdi. Xususan, 800, 400, 200 va 100 metrga estafetaga yugurish, yaradorlarni jang maydonidan olib chiqish va erkin uslubda 50 metr masofaga suzish shartlari ham qiziqarli jarayonlarga boy boʻldi. Murosasiz kechgan bellashuvlarda ayol xodimalarning sport mashgʻulotlarida nechogʻlik mahoratli, epchil va tezkor ekanliklari aks etdi.
Jang maydonida yaralanganda birinchi tez yordam koʻrsatishda xodimalarning tibbiy bilim va koʻnikmalari ham sinovdan oʻtkazildi.
Yugurishda ham jamoalar raqiblarini ortda qoldirib gʻoliblik sari harakat qilishdi. Erkin uslubda suzish boʻyicha ham ishtirokchilarning mahorati eʼtirofga sazovor boʻldi.
Shijoat, ildam harakat va muvaffaqiyat. Gʻolib boʻlish uchun har bir jamoada ana shunday ishtiyoq bor. Sport musobaqalari ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirib, iroda va matonatini sinovdan oʻtkazish bilan bir qatorda oʻzaro doʻstlik rishtalarini ham mustahkamlashga xizmat qiladi. Gʻoliblar tanlovning yakunida eʼlon qilinadi.
Tanlov doirasidagi bellashuvlar davom etmoqda.
