Inson oʻz hayoti davomida salomatligini saqlash uchun sogʻlom turmush tarziga amal qilgan holda yashamogʻi kerak. Afsuski, soʻnggi yillarda koʻplab yuqumli kasalliklar pandemiya darajasiga yetib, insoniyat sinovli kunlarni boshidan oʻtkazdi.

Turli koʻrinishdagi kasalliklarning oldini olishda inson organizmida immunitet tizimi baland boʻlishi muhim. Organizmda immunitet tizimini koʻtarish uchun esa quyidagilarga amal qilish tavsiya etiladi:

1. Sogʻlom ovqatlanish tamoyillariga amal qiling! Kun davomida oz-ozdan 4-5 marotaba ovqatlanish, kamida 400 gr. meva va sabzavotlar, koʻkatlar isteʼmol qiling. Tarkibida yogʻ, qand va tuz miqdori koʻp boʻlgan mahsulotlarni cheklang. Kechki ovqatni soat 19:00 dan kechiktirmang.

2. Jismoniy faollikni oshiring! 10–15 daqiqalik ertalabki badantarbiya mashqlarini bajaring. Kun davomida kamida 30 daqiqalik jismoniy mashq qiling. Kechki sayrga chiqing. Imkon qadar sportning biror turi bilan shugʻullaning.

3. Tamaki chekish va spirtli ichimliklar isteʼmol qilishdan yiroq boʻling! Zararli odatlar salomatlikka putur yetkazadi va umrni qisqartiradi.

4. Shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qiling! Qoʻllaringizni ovqatdan oldin va keyin, koʻchadan uyga kirganda va hojatdan soʻng, albatta, sovunlab yuving.

5. Kuniga 7–8 soat uxlang.

6. Yilda bir marotaba oilaviy shifokor koʻrigidan oʻting.

Yuqorida keltirilgan tavsiyalarga amal qilish odam immunitetini koʻtarilishi va kasalliklarning oʻz-oʻzidan chekinishiga zamin hozirlaydi.

Rustam DAMINOV,

Qashqadaryo viloyati IIB DPM Tibbiyot boʻlimi SENM boshligʻi, mayor.