10-14-fevralʼkunlari voleybol boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri kubogi musobaqasining final oʻyinlari Nukus shahridagi «Temurbeklar maktabi» sport zalida boʻlib oʻtdi.
Musobaqaning saralash bosqichlarida gʻolib boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV, Surxondaryo, Navoiy, Andijon viloyatlari IIBlari, IIV Jazoni ijro etish departamenti, IIV Akademiyasi, Toshkent shahar IIBB, hamda IIV Qorovul qoʻshinlari bosh boshqarmasi jamoalari oʻzaro kuch sinashdi.
Qizgʻin bellashuvlarga boy tarzda oʻtgan musobaqa yakunida 1-oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV jamoasi egalladi. Keyingi oʻrinlarni Jazoni ijro etish departamenti va Navoiy viloyati IIB jamoalari band etdi.
Taqdirlash marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik B.Torebekov soʻzga chiqib, musobaqa gʻoliblarini tabrikladi. Sovrindorlar kubok, medal, diplom va sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV Axborot xizmati.
