Fargʻona shahridagi “Samo” sport majmuasida uyushmagan yoshlar oʻrtasida sportning voleybol turi boʻyicha tashkil etilgan “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarining viloyat bosqichi yuqori saviyada oʻtkazildi.
Unda shahar-tuman hududiy bosqichlarida gʻolib boʻlgan 19 ta jamoa oʻzaro kuch- sinashdi. Bir necha kun davom etgan musobaqa qizgʻin kurashlarga, bellashuvlarga boy tarzda oʻtganini alohida eʼtirof etish zarur.
Musobaqaning yakuniy natijalariga koʻra, oʻgʻil bolalar oʻrtasida Uchkoʻprik tumani jamoasi 1-oʻrinni, Margʻilon shahri yoshlari 2-oʻrinni, Oʻzbekiston tumani vakillari 3-oʻrinni qoʻlga kiritdilar.
Qizlar oʻrtasidagi bahslar ham murosasiz ruhda kechdi. Natijalarga koʻra, Oʻzbekiston tumani yoshlari 1-oʻringa, bagʻdodlik qizlar 2-oʻringa, Uchkoʻprik tumani voleybolchilari esa 3-oʻringa sazovor boʻldilar.
Viloyat IIB rahbariyati ishtirok etgan taqdirlash marosimizda gʻolib jamoa va faol yoshlar kubok, diplom va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan mukofotlandi.
Endilikda 1-oʻrinni egallagan jamoalar Respublika bosqichida ishtirok etib, viloyat sharafini himoya qiladilar.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
