“Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat” tamoyili asosida tashkil etilayotgan “Xavfsiz oila” profilaktik tadbirlari Fargʻona viloyatining barcha shahar-tumanlarida yuqori saviyada oʻtkazilmoqda.

Yaqinda mazkur tadbir doirasida barcha shahar-tumanlarda «Sogʻlom hayot sari – 5000 qadam» shiori ostida ayollar ishtirokida yurish marafoni hamda ertalabki badantarbiya mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Shuningdek, qadriyatlarni mustahkamlash, oila-turmush doirasidagi jinoyatlarning oldini olish maqsadida hayot tajribasiga ega onaxonlar, namunali oilalar va nizoli oila vakillari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etildi.

Kunning ikkinchi yarmida oilalar moddiy daromadini koʻpaytirish, ishsiz oila vakillarini ish bilan taʼminlash, tikuvchilik va boshqa qoʻl mehnati ortidan oʻzini oʻzi band qilish yoʻnalishidagi ishlar taqdimoti oʻtkazildi.

Bundan tashqari, tibbiyot birlashmalarining aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish borasida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi taqdimoti ham boʻlib oʻtdi.

Abduvosit SIDIQOV,

“Postda” muxbiri.

Fargʻona viloyati.