Mohlaroyim eng birinchi medalini olgan kunni hech yodidan chiqarmaydi. 2011-yilda karate boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida oʻz vazn toifasida bronza medalni qoʻlga kiritgandi. Soʻngra Malayziyada Osiyo chempionatida gʻolib boʻldi, Minskda oʻtkazilgan MDH mamlakatlari sport oʻyinlarida ikkinchi oʻrinni egalladi, Toshkentda boʻlib oʻtgan jahon chempionatida oltin medal sohibiga aylandi, Qirgʻizistonda oltin medalni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston chempionatida birinchi oʻringa sazovor boʻldi.
Mohlaroyim Hakimjonova Andijon davlat universitetini bitirgan. U taʼlim muassasasini tamomlagach, Andijon shahridagi 15-maktabda jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlib ishladi.
Bugun u Andijon shahar IIOFMB voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha boʻlinma inspektor-psixologi lavozimida faoliyat olib bormoqda.
– Albatta, xizmatni mashgʻulotlar bilan uygʻunlashtirish oson emas, – deydi inspektor-psixolog, katta serjant Mohlaroyim Hakimjonova. – Lekin jismonan sogʻlom va shay holatda boʻlish uchun sport bilan shugʻullanishga vaqt topaman. Chunki 2024-yil yanvar oyida Gretsiyada xalqaro turnir boʻlib oʻtadi va men avvalgi yutuqlarim sharafini himoya qilish uchun unda ishtirok etishim kerak.
Hakimjonovlar oilasida toʻrt nafar qiz farzand voyaga yetdi, Mohlaroyim – toʻngʻichi. Mohinur viloyat markazidagi maktablardan birida jismoniy tarbiya oʻqituvchisi boʻlib ishlaydi, Mubina kasb-hunar kollejida tahsil olmoqda, Hojixon esa Andijon shahridagi 1-maktabning 6-sinf oʻquvchisi. Singillari Mohlaroyim bilan faxrlanib, undan oʻrganishga harakat qilishadi.
Boris KLEYMAN,
oʻz muxbirimiz.
Andijon viloyati.
